Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki

Axtam Tursunov
Ulashish

Abstrak

Korrupsiyaga qarshi kurashish keng qamrovli, unda nafaqat davlat organlari, ayni paytda fuqarolik jamiyati institutlari ham ishtirok etishi lozim.

Qanday qilib iqtibos keltirish kerak

[1]
Tursunov А. 2021. Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki. Uzbekistan Anti-Corruption Digest. 1, 1 (Dec. 2021), 27–29. DOI:https://doi.org/10.47689/uacd-2181-3345--vol1-iss1-pp30-32.

Muallif biografiyasi

Axtam Tursunov, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi

yu.f.d. professor, O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligi Akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengash raisi, Toshkent, O‘zbekiston

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish keng qamrovli, unda nafaqat davlat organlari, ayni paytda fuqarolik jamiyati institutlari ham ishtirok etishi lozim.

Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida yuqori natijalarga erishgan davlatlarning tajribalariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, bu davlatlarda fuqarolik jamiyati institutlari korrupsiyaga qarshi kurashishda asosiy ishtirokchilardan biri ekanligini kuzatish mumkin. Umuman olganda, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: fuqarolik jamiyati institutlari ixtiyorida davlat organlaridagi singari maxsus vakolatlar hamda maʼmuriy resurslar bo‘lmasa-da, qanday qilib korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim vazifalarni bajarishi mumkin?

Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli birinchi galda korrupsiyaviy xavflarni aniqlashda namoyon bo‘ladi. Gap shundaki, korrupsiyaviy xavflar huquqbuzarlik hisoblanmaydi va unga nisbatan davlat tomonidan javobgarlik belgilanmagan. Ammo jamiyat tomonidan, shu jumladan, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan har doim korrupsiyaviy xavflar salbiy qabul qilinadi va, o‘z navbatida, bunga munosabat bildiriladi.

Tahlillar korrupsiyani fosh etishda ham keng jamoatchilik muhim o‘rin tutishini ko‘rsatmoqda. Bu o‘rinda korrupsiyani fosh etish uchun maxsus vakolatlarga ega bo‘lgan davlat organlari ham mavjudligi, ammo bu organlarning eʼtiboriga tushmagan korrupsiyaviy holatlarni jamoatchilik fosh etganligi to‘g‘risida ko‘plab misollar keltirish mumkin. Buning sababi shundaki, jamoatchilikni aldab va chalg‘itib bo‘lmaydi. Qanchalik yashirin bo‘lmasin, korrupsiyadan baribir jamoatchilik xabar topadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishning muhim instrumentlaridan biri oshkoralik va hisobdorlikdir. Chunki korrupsiya nafaqat g‘ayrihuquqiy qilmish, ayni paytda salbiy holat sifatida jamiyat tomonidan qattiq qoralanganligi sababli har doim yashirin tarzda yuz beradi. Shuning uchun korrupsiyaning “eng katta dushmani” oshkoralikdir. Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatida ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni taʼminlash hamda mansabdor shaxslarning aholi oldidagi hisobdorligini yo‘lga qo‘yish orqali davlat boshqaruvida samarali va taʼsirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi (2014-yil 5-may), “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi (2018-yil 12-aprel) Qonunlarida davlat organlari faoliyatining ochiqligi hamda ular ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlari bayon etilgan.

Korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda ham fuqarolik jamiyati institutlari muhim o‘rin tutadi. Agarda jamiyat tomonidan korrupsiya oddiy ijtimoiy norma sifatida qabul qilinadigan bo‘lsa, unda korrupsiyaga qarshi kurashish hech qanday samara bermaydi. Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga nisbatan jamoatchilik tomonidan keskin munosabat bildirilishi bu illatga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Bir so‘z bilan aytganda, fuqarolik jamiyat institutlari jamiyatning korrupsiyaga qarshi imkoniyat va salohiyatini shakllantirish, rivojlantirish hamda amalga oshirishning kompleks mexanizmini ifodalaydi.

Keng jamoatchilikning korrupsiyaga nisbatan munosabatlari jamoatchilik bosimini keltirib chiqaradi. Jamoatchilik bosimi garchand huquqiy richag hisoblanmasa-da, ammo davlat organlari va mansabdor shaxslariga samarali taʼsir o‘tkazish orqali korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida fuqarolik tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-iyuldagi “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini
tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
PQ–3837-sonli qarori bilan davlat organi huzuridagi o‘z ishini jamoatchilik asosida olib boradigan, doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi – jamoatchilik kengashlari faoliyatining huquqiy asoslari belgilab qo‘yildi. Shu bilan birga, jamoatchilik kengashlari faoliyati samaradorligini taʼminlash maqsadida Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyati samaradorligini reyting baholash metodikasi ishlab chiqildi va joriy etildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasining (Nyu-York, 2003-yil 31-oktabr) 13-moddasida korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoat ishtirokining huquqiy asoslari belgilangan. Unga ko‘ra, har bir ishtirokchi davlat korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish hamda jamiyat korrupsiya mavjudligi, uning sabablari, xavfli xususiyatlari va yuzaga keltiruvchi tahdidlarini yanada chuqurroq anglashi uchun fuqarolik jamiyat, nohukumat tashkilotlar va jamoatlar negizida faoliyat yurituvchi tashkilotlar kabi ommaviy sektorning tashqarisida alohida shaxslar va guruhlarning faol ishtirokiga ko‘maklashish uchun tegishli choralarni ko‘rishi lozimligi belgilangan.

O‘tgan besh yil mobaynida O‘zbekistonda ham korrupsiyaga qarshi kurashish yuzasidan muhim islohotlar amalga oshirildi. Bunda birinchi galda korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy va institutsional asoslari yaratildi va rivojlantirildi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida xalqaro standartlar joriy etilmoqda. Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashishda keng jamoatchilikning ishtirokini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi. Jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunning (2017-yil 3-yanvar)
14-moddasida fuqarolar o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat-notijorat tashkilotlarining va fuqarolarning korrupsiyaga qarshi kurashishda ishtirok etishining huquqiy asoslari yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6257-sonli Farmonida esa korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, ushbu jarayonga jamoatchilikni keng jalb etish va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish bilan bog‘liq muhim masalalar belgilandi. Jumladan, Farmon bilan “Korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning ochiq elektron reyestri”ni yuritish amaliyoti joriy etilishi belgilandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki samarali bo‘lishi uchun quyidagilar talab etiladi:

birinchidan, avvalo, jamiyatning o‘zi korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilikning faol ishtiroki zarurligini anglab yetishi kerak;

ikkinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ishtiroki davlat tomonidan rag‘batlantirilishi zarur;

uchinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashishda ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish va ularning faoliyatini har doim qo‘llab-quvvatlash talab etiladi. Bu borada korrupsiyaga qarshi kurashish masalalarini yorituvchi mustaqil maxsus ommaviy axborot vositalari, hech bo‘lmaganda, dasturlar, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega;

to‘rtinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi maxsus nodavlat-notijorat tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish, ularning mustaqilligi va daxlsizligini kafolatlash muhim ahamiyatga ega;

beshinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat va fuqarolik jamiyati institutlarining hamkorligini rivojlantirish lozim.

 

Shunday qilib, korrupsiyaga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rni to‘ldirib bo‘lmaydigan salohiyatga ega bo‘lib, jamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashishdagi immunitetini parvarishlaydi hamda keng jamoatchilikning imkoniyatlarini birlashtiradi.

Maqola yuklab olish

Statistika

Кўчирилди

Ko'chirilganligi xaqida ma'lumot yuk.

Maqola tafsilotlari

Annotasiyani ko'rishlar soni 130
inLibrary — это научная электронная библиотека inConference - научно-практические конференции inScience - Журнал Общество и инновации UACD - Антикоррупционный дайджест Узбекистана UZDA - Ассоциации стоматологов Узбекистана АСТ - Архитектура, строительство, транспорт Open Journal System - Престиж вашего журнала в международных базах данных inDesigner - Разработка сайта - создание сайтов под ключ в веб студии Iqtisodiy taraqqiyot va tahlil - ilmiy elektron jurnali yuridik va jismoniy shaxslarning in-Academy - Innovative Academy RSC MENC LEGIS - Адвокатское бюро SPORT-SCIENCE - Актуальные проблемы спортивной науки GLOTEC - Внедрение цифровых технологий в организации MuviPoisk - Смотрите фильмы онлайн, большая коллекция, новинки кинопроката Megatorg - Доска объявлений Megatorg.net: сайт бесплатных частных объявлений Skinormil - Космецевтика активного действия Pils - Мультибрендовый онлайн шоп METAMED - Фармацевтическая компания с полным спектром услуг Dexaflu - от симптомов гриппа и простуды SMARTY - Увеличение продаж вашей компании ELECARS - Электромобили в Ташкенте, Узбекистане CHINA MOTORS - Купи автомобиль своей мечты! PROKAT24 - Прокат и аренда строительных инструментов