Davlat xizmatiga ochiq yo‘l
Abstrak
Davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida mamlakatimizda davlat boshqaruvini konseptual yangilash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
##semicolon##
Qanday qilib iqtibos keltirish kerak
Davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida mamlakatimizda davlat boshqaruvini konseptual yangilash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Islohotlar surʼati hamda hudud va sohalarni rivojlantirish bo‘yicha belgilanayotgan marralar davlat xizmatining har bir yo‘nalishida ishlarni tashkil etishni tubdan qayta ko‘rib chiqishni taqozo etadi. Xususan, endilikda eskicha boshqaruv usullari bilan Yangi O‘zbekistonni qurib bo‘lmaydi. Boshqacha aytganda, bugungi qo‘yilayotgan talabning o‘zi har bir sohada zamonaviy yondashuvni joriy etishni talab etmoqda.
Bu yo‘nalishdagi fikr-mulohazalar yangidan saylangan O‘zbekiston Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning 2021-yil 6-noyabrda bo‘lib o‘tgan lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida asosiy o‘rinni egalladi. Nutqda “Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti strategiyasi” doirasida “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida faoliyat olib borilishi taʼkidlandi. Bunda taraqqiyotimizning hozirgi bosqichida oldimizda turgan 7 ustuvor vazifa ko‘rsatib berildi. Garchi yo‘nalishlar turli xil bo‘lsa-da, bosh g‘oya o‘zgarishsiz qoldi: “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan daʼvat “Rahbarlar faqat davlatga emas, avvalo, inson va oilaga, ularning qonuniy manfaatlarini taʼminlashga xizmat qilishi kerak”, deya davom ettirildi.
Qachon davlat xalqqa samarali xizmat ko‘rsatadi? Qachonki, davlat xizmati lavozimlarini salohiyatli, raqobatbardosh kadrlar egallasa... Bu, o‘z navbatida, tizimni fidoyi, sadoqatli, professional kadrlar hisobiga to‘ldirishni talab etadi.
Bu borada davlatimiz rahbari o‘z nutqida quyidagi yo‘nalishni ham belgilab berdi: “Ayni vaqtda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish jarayoniga yangicha, zamonaviy yondashuvlar joriy etiladi. Kadrlar davlat xizmatiga tanlov asosida qabul qilinadi, ular uchun uzluksiz malaka oshirish, natijadorlikni baholash va lavozim bo‘yicha ko‘tarilish mezonlari belgilanadi”. Yaʼni endilikda davlat xizmatiga kadrlar faqatgina ochiq tanlov asosida qabul qilinadi.
Oldimizda turgan bunday masʼuliyatli vazifalarni sifatli bajarish maqsadida davlat organlari va tashkilotlarini malakali mutaxassislar bilan yetarli darajada taʼminlashga, kadrlar malakasining yuklatilgan vazifalar va zamonaviy ehtiyojlarga muvofiqligiga, qabul qilinayotgan qarorlar sifatining oshishiga olib kelayotgan bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, davlat fuqarolik xizmatini, shu jumladan, nomzodlarni ochiq mustaqil tanlov orqali saralab olish jarayonini kompleks huquqiy tartibga solishni taʼminlovchi, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilarining ish samaradorligi va kompetensiyasini baholovchi mezonlar, ularning malakasini oshirishga bo‘lgan talablar yuzasidan samarali mexanizmlar sohaga tatbiq etilmoqda.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad inson manfaatlarining ustuvorligini taʼminlashga qaratilganligi bilan ahamiyatli.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bu borada asosiy
huquqiy poydevordir. Bosh Qomusimizning
37-moddasida: “Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega”, deb qayd etilganligi Bosh Qomusimizning “xalqchil qonun” bo‘lganidan dalolatdir. Ushbu normaning amaliyotda to‘liq o‘z aksini topishi uchun qator yangi mexanizmlar joriy qilinmoqda.
O‘zbekistonda birgina davlat fuqarolik xizmati bilan shug‘ullanadigan vakolatli organ mavjud bo‘lmaganligi tufayli davlat sektorida yagona kadrlar siyosati olib borilmay, xodimlarni samarali boshqarish va inson resurslarini rivojlantirish, shuningdek, sog‘lom raqobat asosida malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishga imkon bo‘lmagan.
Aynan barcha sohalarda o‘sish va yangilanishlar bo‘layotgan bir pallada rahbar kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj yil sayin ortayotgani sohaga yanada jiddiyroq yondashuvni talab etmoqda. Ushbu muammolarning bir qismiga yechim sifatida oxirgi yillarda yosh kadrlarni saralab olish va ularni yuqori lavozimlarga tayinlash bo‘yicha muhim qadamlar tashlangani alohida eʼtiborga molikdir.
Ammo bu mavjud dolzarb masalaning to‘liq yechimi bo‘lmaganligi bois, O‘zbekiston Respublikasida davlat xizmatini tartibga solish hamda tubdan takomillashtirish maqsadida xalqaro tajribalar o‘rganib chiqilib, 2019-yil 3-oktabrda qabul qilingan Davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi.
Farmonga ko‘ra, 2020-yil 1-yanvardan boshlab, tajriba tariqasida ayrim davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va hududlarda, 2021-yil 1-yanvardan boshlab esa respublikaning barcha davlat organlari, tashkilotlarida davlat xizmatiga qabul ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshirilishi, davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilish va kadrlarning xizmat bo‘yicha o‘sib borishi bilan bog‘liq faoliyatda nomzodlarni adolatli baholash, ular orasidan eng munosiblarini tanlashga qaratilgan meritokratiya tamoyili qo‘llanilishi belgilab qo‘yildi.
Rivojlangan davlatlar tomonidan namuna sifatida olingan davlat fuqarolik xizmati sohasida boshqaruvning zamonaviy tizimini joriy etishdagi asosiy vazifalardan biri ochiq mustaqil tanlov asosida kadrlarni tanlab olish ekanini ko‘rish mumkin.
Bunda eng iqtidorli, kompetensiyalari yuqori bo‘lgan xodimlar meritokratiya tamoyili asosida bo‘sh ish o‘rinlariga ishga qabul qilinadi.
Davlat fuqarolik xizmatiga kirishda inson omilini kamaytirish hamda barcha fuqarolarga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida Agentlik tomonidan Buyuk Britaniya, AQSh, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rgangan holda Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali — vacancy.argos.uz ishlab chiqildi.
Ushbu platformaning yaratilishi meritokratiyaga keng yo‘l ochib berdi. Tom maʼnoda, “munosiblar hokimiyati” deya tarjima qilinadigan meritokratiya tamoyili rivojlangan mamlakatlarda allaqachon urf bo‘lgan. Boshqaruvning bu tamoyiliga ko‘ra, moliyaviy ahvoli va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, eng qobiliyatli, tirishqoq va layoqatli nomzodlar davlat fuqarolik xizmatchilari lavozimlarini egallaydi. Nega deganda, mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishda erishilgan natijalar, qobiliyat va aql-zakovat hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Eng asosiysi, joriy etilayotgan yangi tizimda inson aralashuvini cheklashga qaratilgan tadbirlar ustuvor ahamiyat kasb etadi. Ya’ni hujjat topshirish jarayonlari portal orqali, test jarayonlari esa test.argos.uz platformasida amalga oshirilishi hamda suhbat jarayonlari onlayn translatsiya qilinishini ko‘zda tutuvchi raqamlashtirish texnologiyalari tanlov jarayonlarining barcha bosqichlariga joriy etilgan.
Bunday yondashuv davlat xizmatiga eng munosib, malakali kadrlarni byurokratik to‘siqlarsiz ochiq va adolatli tanlov jarayonlari orqali jalb etish imkonini beradi.
Ushbu portal davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant lavozimlarni egallash uchun ochiq mustaqil tanlovlarni tashkil etish bo‘yicha yagona elektron tizim bo‘lib, internet tarmog‘ida “bir darcha” tamoyili asosida faoliyat ko‘rsatadi.
Portaldagi davlat organlarining vakant lavozimlari to‘g‘risidagi maʼlumotlar avtomatik tarzda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksidan foydalangan holda saytga joylashtiriladi va nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish faqat elektron tarzda amalga oshiriladi.
Bu amaliyot qog‘ozbozlik va ortiqcha yozishmalardan xoli bo‘lgan elektron platforma sifatida faoliyat yuritadi. Ishga kirmoqchi bo‘lgan kadrlar tashkilotma-tashkilot hujjatlarni ko‘tarib yurib, ovora va sarson bo‘lmaydi. Turli idoralardan ortiqcha maʼlumotnomalarni olish ham talab etilmaydi. Bunda har bir nomzod ochiq maydonda o‘z bilimini sinab ko‘rib, test, psixologik sinov va suhbat bosqichlaridan o‘tadi.
Vakant lavozimlar uchun ochiq mustaqil tanlovlar bir nechta bosqichdan iborat. Bular:
– har bir nomzodning vakant lavozim malaka talablariga mosligini o‘rganish;
– test orqali uning bilim darajasini sinovdan o‘tkazish;
– assesment shaklidagi suhbat jarayoni.
Mazkur tizimning ahamiyatli tomoni shundaki, tanlov bosqichlari bo‘yicha maʼlumotlar onlayn tarzda har bir nomzodning portaldagi shaxsiy kabinetiga yuboriladi, yaʼni har bir bosqich natijasi bo‘yicha nomzodlarga asoslangan javob beriladi.
Joriy yilning 6-noyabr holatida Portalda respublikaning 60 ta vazirlik va idoralari hamda barcha hokimliklardagi mavjud 16 961 ta vakant lavozimlar bo‘yicha tanlovlar eʼlon qilinib, ushbu vakant lavozimlarga jami
258 241 nafar nomzodlar (o‘rtacha 1 ta lavozimga 15-18 nafar nomzod) tomonidan tanlovda ishtirok etish uchun hujjat topshirilgan.
O‘tkazilgan tanlovlarni vazirlik va idoralar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p tanlovlar Davlat soliq qo‘mitasi tizimida (2 786 ta), Xalq taʼlimi vazirligi tizimida (2 342 ta) va Moliya vazirligi tizimida (2 083 ta), umumiy hisobda vazirlik va idoralar tizimida (15 998 ta), hokimliklar tizimida (963 ta) tashkil etdi.
Hududlar kesimida tahlil shuni ko‘rsatadiki, Samarqand (1 516 ta), Navoiy (1 460 ta), Toshkent (1 410 ta) va Andijon (1 410 ta) viloyatlarida eng ko‘p ochiq tanlovlar o‘tkazilgan.
Tanlov yakunida 12 796 ta vakant lavozimlarning 4 416 tasi (35%) malakali xodimlar bilan jamlandi, 8 380 ta (65%) vakant lavozimlarga esa qayta tanlov eʼlon qilindi.
O‘rta hisobda bir kun davomida 140 ta vakant lavozim bo‘yicha tanlovlar eʼlon qilinib, 1 350 nafar nomzodlardan hujjat kelib tushmoqda, shundan 30-35 nafar malakali xodimlar tanlovlar orqali davlat fuqarolik xizmatidagi vakant lavozimlarni egallashmoqda.
Shuni taʼkidlash lozimki, davlat xizmatiga qabul qilingan 4 416 nafar tanlov g‘oliblarining 446 nafari (10 %) – ayol xodimlar, 1 425 nafari (32 %) – 30 yoshgacha bo‘lgan, shuningdek, 677 nafari (15 %) – davlat xizmatiga birinchi marotaba qabul qilinganlarni tashkil etadi. Albatta, O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmatiga ochiq tanlov asosida ishga qabul qilish jarayonlari bosqichma-bosqich rivojlan-moqda va bu boradagi islohotlar davom ettirilyapti. Kelgusida mazkur tizim barcha davlat tashkilotlarida joriy qilinishi rejalashtirilmoqda.
Ushbu platforma, o‘z navbatida, mamlakatda davlat fuqarolik xizmatchilari sifat tarkibini yaxshilash, davlat organlari va tashkilotlarining malakali mutaxassisga bo‘lgan ehtiyojini o‘z vaqtida qondirish, barcha fuqarolarga tenglik yaratish imkonini bermoqda.
