Axborot olish va so‘z erkinligini taʼminlash mamlakat taraqqiyotining eng muhim shartidir
Abstrak
Bugun O‘zbekistonda har bir sohada ochiqlik, oshkoralik, shaffoflik mezonlari o‘ziga xos taomilga aylandi.
##semicolon##
Qanday qilib iqtibos keltirish kerak
Bugun O‘zbekistonda har bir sohada ochiqlik, oshkoralik, shaffoflik mezonlari o‘ziga xos taomilga aylandi. Bundan ko‘zlangan maqsad-muddao ham aniq. Ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash orqali turli xil korrupsiyaviy jinoyatlarga barham berish, yana ham lo‘ndaroq aytganda, buning oldini olish va ushbu holatga yo‘l qo‘ymaslikdir. Albatta, yillar davomida ildiz otgan bunday holatlarni bir kun, bir yil yoki qisqa bir muddatda to‘liq bartaraf etish mushkul masala. Lekin mamlakatimizda bu jarayonga qatʼiy kirishildi. Avvalo, uning qonuniy asoslari yaratildi, har bir sohada amaliyotga keng joriy etildi va ular bugun ishlamoqda.
Qabul qilingan qonun hujjatlari, belgilangan chora-tadbirlar qanday samaralar berdi, qanday natijalarga erishildi, umuman olganda, o‘zgarish bo‘ldimi yoki yo‘qmi, degan savollarga qiyosiy tahlil yordamida javob topish osonroq.
Shu maʼnoda, yuqoridagi natijalarni keyingi yillarda so‘z erkinligi, jamoatchilik nazoratining asosiy manbasi bo‘lgan ommaviy axborot vositalari hamda davlat organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligini taʼminlash, shuningdek, jurnalist kasbining nufuzi va mavqeini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan islohotlar misolida tahlil qilib, xulosalar chiqarsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Avvalo, so‘z va matbuot erkinligi, ochiqlik siyosatiga davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi tufayli asos yaratildi. 2016-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangan Shavkat Mirziyoyev mamlakat taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishning muhim sharti sifatida axborot sohasini tubdan isloh qilish va rivojlantirish masalasini eng ustuvor vazifa sifatida belgilab berdi.
Respublikamizda keyingi besh yilda fuqarolarning axborot olishi, so‘z erkinligi va ommaviy axborot vositalarining samarali faoliyatini taʼminlashning huquqiy asoslarini mustahkamlash, shuningdek, davlat va jamiyat o‘rtasida ochiq va shaffof muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun 20 dan ortiq qonun va meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Bu davrda professional kadrlarni yetkazib beruvchi mustaqil Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti, shuningdek, axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi vakolatli organ sifatida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining tashkil etilishi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati shaffofligini oshirish maqsadida axborot xizmatlari faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi sohani har tomonlama rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
O‘tgan vaqt mobaynida shunga mos tarzda axborot manbalari soni ham keskin ko‘paydi. Masalan, ko‘p emas, bundan 6-7 yil ilgari ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar uchun vazirlik va idoralardan axborot olish katta bir muammo bo‘lgan bo‘lsa, bugun axborot xizmatlari maʼlumot olishning asosiy manbalaridan biriga aylandi. Boshqacha aytganda, davlat organlari va tashkilotlarining axborot tarqatish manbasi 2019-yilda 559 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2021-yil sentabr oyi holatiga ko‘ra 3 000 taga yaqinlashdi.
2020-yildan boshlab, har chorakda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi vazirliklar, idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda media-rejalarni ishlab chiqish tizimini yo‘lga qo‘ydi.
Bu o‘z samaralarini bermoqda. Ushbu media-rejalar asosida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston milliy matbuot markazi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda muntazam ravishda davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari, matbuot kotiblari ishtirokida brifing, matbuot anjumanlari va joylarda media-turlar o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Birgina 2021-yilning 9 oyi davomida 937 ta ana shunday turdagi matbuot tadbirlari o‘tkazildi.
Bu nima berdi? Birinchidan, vazirliklar, idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining ochiqligi taʼminlandi. Ikkinchidan, ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarning ishtiroki tufayli ularning jamoatchilik bilan aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Uchinchidan, markazda va joylarda aholini qiynayotgan, yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolarga munosabat bildirish va yechimini topish mexanizmi yaratildi. To‘rtinchidan, eng muhimi, vazirliklar, idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining odamlar bilan yaqinlashuviga erishildi.
Bu, o‘z navbatida, ochiqlik, oshkoralik, shaffoflikka, shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar yordamida jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish va korrupsiyaga qarshi kurashish muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Yuqoridagi vazifalardan kelib chiqqan holda, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 1213 qisqa raqamli Call-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi. U orqali jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillariga OAVning muayyan turi, xususiy nashriyot, bosmaxona xizmatlari faoliyatini litsenziyalash; kontrafakt kanselyariya mahsulotlari yoki kitob va bosma nashrlar; tizimdagi tashkilotlar faoliyati; OAV, axborot xizmatlari, elektron va bosma matbuot, teleradiokompaniyalar faoliyati; axborot olish erkinligi, jurnalist va blogerlar faoliyati bilan bog‘liq hamda sohaga tegishli barcha masalalar bo‘yicha murojaat qilish imkoniyati yaratildi.
Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalari, jurnalist va blogerlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish faktlarini tezkor aniqlash hamda tegishli idora va tashkilotlar ishtirokida muhokama qilish, muammolarga joyida yechim topish uchun Agentlikning hududiy boshqarmalari huzurida “Dialog maydonchasi” tashkil etildi. 2021-yilning o‘tgan davri mobaynida Call-markaz va “Dialog maydonchasi” orqali ommaviy axborot vositalarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq 70 ga yaqin murojaat o‘rganilib, ijobiy hal etildi.
Mamlakatda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekistonda axborot makoni jadal kengayib bormoqda. Jumladan, oxirgi 5 yilda ro‘yxatga olingan ommaviy axborot vositalari soni 29 foiz
(448 ta)ga oshib, 1962 tani tashkil etdi. Ularning 677 tasi aholining keng qatlami foydalanayotgan internet ommaviy axborot vositalaridir. Ijtimoiy tarmoqlarda bloger sifatida faoliyat olib borayotgan 1,3 ming nafardan ortiq fuqaro ham bugun axborot makonining faol ishtirokchisiga aylandi.
Albatta, axborot makonining rivojlanishi ko‘p jihatdan ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar, axborot xizmatlari xodimlarining amaldagi qonun hujjatlariga rioya qilgan holda faoliyat yuritishlariga bog‘liq. Shuni eʼtiborga olib, Agentlik ularning malakasini oshirish, huquqiy bilimlarini yuksaltirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratmoqda.
Xususan, 2021 yilning yanvar-fevral oylarida Sudyalar oliy kengashi bilan hamkorlikda huquqiy mavzuga ixtisoslashgan OAV vakillari va blogerlar uchun oflayn va onlayn shaklda ikki haftalik o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazildi. Mart-aprel oylarida esa Yuristlar malakasini oshirish markazi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “Axborot olish, qayta ishlash va tarqatishda jurnalistlarning huquq va majburiyatlari” mavzusida malaka oshirish o‘quv-kurslari tashkil etildi. Mazkur kurslarda 600 nafarga yaqin jurnalist, bloger va matbuot kotibi o‘z malakasini oshirdi.
Bundan tashqari, 2021-yil mart oyida Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda tumanlar va shaharlar hokimliklari axborot xizmatlarining 220 nafar xodimlari ishtirokida alohida o‘quv-seminari o‘tkazildi. Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Kelgusida ham bu boradagi ishlarni yanada izchil va kengroq ko‘lamda davom ettirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilab olganmiz. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – axborot makonida faoliyat yuritayotgan ijodiy xodimlar, jurnalist va blogerlarning ham professional, ham huquqiy savodxonligini oshirishga erishish. Maʼlumki, qonun va sohadagi meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni mukammal bilgan, bir so‘z bilan aytganda, huquqiy savodxon jurnalist va bloger xatoga, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida taʼkidlab o‘tilgan bir jihatga eʼtiboringizni qaratmoqchi edim: axborot va matbuot erkinligi, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi, davlat idoralari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi Yangi O‘zbekistonning sifat ko‘rsatkichlaridan biriga aylandi. Bu yo‘lni davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri deb bilamiz va qatʼiy davom ettiramiz.
O‘ylaymanki, yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning kasbiy malakasini oshirish, davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlarimizni yanada kuchaytirishimiz kerak.
