Sud mustaqilligi va sud tizimida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar

Kozimjan Komilov
Ulashish

Abstrak

Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning qamrovi va salmog‘i alohida eʼtibor va eʼtirofga loyiq.

Qanday qilib iqtibos keltirish kerak

[1]
Komilov К. 2021. Sud mustaqilligi va sud tizimida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar. Uzbekistan Anti-Corruption Digest. 1, 1 (Dec. 2021), 15–19. DOI:https://doi.org/10.47689/uacd-2181-3345--vol1-iss1-pp16-21.

Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning qamrovi va salmog‘i alohida eʼtibor va eʼtirofga loyiq. Zotan, pora olish va uni berish bilan bog‘liq qilmishlar har bir davlatning iqtisodiy negiziga putur yetkazishi, ijtimoiy illatlar, xususan, jinoyatchilikka va yangi jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l ochib berishi kabi ko‘plab salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi bilan g‘oyatda xavflidir. Albatta, yurtimizda olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishga doir saʼy-harakatlarda sudlar ham alohida jonbozlik ko‘rsatishi lozimki, bunda aholi o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish, poraxo‘rlik bilan bog‘liq jinoyatlarga nisbatan qonuniy, asosli va adolatli hukmlar chiqarish, korrupsiyaning nechog‘lik xavfli illat ekanini keng omma eʼtiboriga sodda va tushunarli tarzda yetkazishga alohida masʼuliyat bilan yondashish talab etiladi. Binobarin, har bir sudya va sud xodimi o‘z vazifasini halol va vijdonan ado etishi, taʼmagirlik va korrupsiyaga mutlaqo yo‘l qo‘ymasligi, muayyan harakatni bajarish yoki bajarmaslik evaziga pora taklif etilgan taqdirda zudlik bilan zarur choralarni amalga oshirishni o‘zining kasbiy vazifasi, insoniylik burchi, deb bilishi zarur.

Shuni alohida qayd etish joizki, yurtimizda har bir sohada poraxo‘rlikka qarshi kurashishning nafaqat tashkiliy, ayni chog‘da huquqiy asosi ham yaratilgan. Xususan, sudyalar va sud tizimi xodimlari o‘rtasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangani fikrimizning yorqin dalilidir. Zotan, Davlatimiz rahbarining 2016-yil 21-oktabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi, 2017-yil 21-fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi, 2017-yil 10-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy kengashini shakllantirish to‘g‘risida”gi Farmonlari hamda Prezidentimizning 2017-yil 4-maydagi "O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar Oliy kengashi faoliyatini moddiy-texnika va moliyaviy jihatdan taʼminlash to‘g‘risida”gi qarori bu borada dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘z navbatida, Prezidentimizning 2017-yil 18-iyuldagi “Odil sudlov saroyi kompleksini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoyishi, 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ham ushbu sohani huquqiy jihatdan tartibga solishda muhim o‘rin tutmoqda.

Eʼtiborlisi shundaki, sud tizimi faoliyatiga doir har bir qonun hujjati mohiyat-eʼtibori bilan sudyalar va sud tizimi xodimlari o‘rtasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga zamin yaratmoqda. Shu o‘rinda, Davlatimiz rahbarining 2020-yil 7-dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining amaliy ahamiyati to‘g‘risida alohida to‘xtalish joiz.

Ushbu Farmonga muvofiq Sudyalar mustaqilligini taʼminlash va sud tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha davlat siyosatining   asosiy   yo‘nalishlari   alohida belgilab qo‘yilgan. Bu borada sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha kasbiy faoliyatini har qanday ko‘rinishdagi tashqi taʼsirlardan samarali muhofaza qilishni taʼminlaydigan huquqiy mexanizmlarni yaratish,  sudyalikka kadrlarni tanlash, tayyorlash, lavozimga tayinlash, shuningdek, sudyalar faoliyatini baholashda xolislik va shaffoflikni taʼminlash, ushbu jarayonlarga zamonaviy axborot texnologiyalarini izchil joriy qilish, sudyalar va sud apparati xodimlari orasida korrupsiya holatlarining oldini olish va barvaqt aniqlashga qaratilgan tizimni yo‘lga qo‘yish hamda sud tizimida aniqlangan har qanday korrupsiyaviy harakatni murosasiz holat, deb baholash, sudyalarning kasbiy malakasi, maʼnaviyati va masʼuliyatini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali yuksak professional sudyalar korpusini shakllantirishga eʼtibor qaratilgan.

Binobarin, ushbu Farmonga asosan, 2021-yil 1-fevraldan boshlab, sud tizimida korrupsiya holatlarining oldini olish, Kengash va sud tizimi faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash maqsadida ilk bor sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash bo‘yicha imtihon jarayonlarini internet tarmog‘i (veb-sayt) orqali onlayn tarzda yoritib borish yo‘lga qo‘yildi.

O‘z navbatida, sudyalik lavozimiga nomzodlar va sudyalarning psixologik portreti bo‘yicha kasbga munosibligini baholashga ko‘maklashuvchi elektron dastur ishlab chiqildi va amalga joriy etildi.

Bundan tashqari, Farmonda belgilangan muhim vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida sudya faoliyatining samaradorligini elektron reyting orqali ochiq va shaffof baholashni taʼminlaydigan aniq mezonlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etilishi munosabati bilan 2021-yil 1-yanvardan ushbu sudlarning malaka hayʼatlarini tashkil etish vazifasi ham to‘liq bajarildi.

Shuningdek, Farmonga asosan, sudyalar daxlsizligini taʼminlash bo‘yicha sud inspeksiyasi negizida Sudyalar daxlsizligini taʼminlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasi tashkil etildi. Qolaversa, sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishdagi faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida «Ibratli sudya» mukofoti, odil sudlovni amalga oshirishda uzoq yillar samarali mehnat qilib, pensiyaga chiqqan sudyalar uchun «Sud faxriysi» ko‘krak nishoni taʼsis  etildi va 2021 yilda ilk bor ushbu mukofotlar o‘z egalariga topshirildi.

Qolaversa, Kengash huzurida amaldagi moddiy va protsessual huquq normalarini to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan maslahatlar hamda sudyalarning odob-axloq qoidalarining muayyan vaziyatlarda qo‘llanilishi yuzasidan so‘rovlariga tushuntirishlar berish vakolatiga ega bo‘lgan jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi Sudyalar klubi tashkil etildi. Endilikda mazkur Klub samarali faoliyat yuritayotgani ham, albatta, quvonarlidir.

Ushbu Farmon bilan sud hokimiyati mustaqilligini yanada kuchaytirish, sudyalar daxlsizligini taʼminlash hamda tizimda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi va unga muvofiq Sudyalar Oliy kengashi asosiy ijrochi etib belgilandi.

Mazkur rejaga muvofiq sudyalarning daxlsizligini taʼminlash, odil sudlov faoliyatiga har qanday aralashuvning oldini olish yuzasidan qatʼiy chora-tadbirlar belgilash, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va sharoitlarini bartaraf etish hamda 2021-yilda sud organlari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan dastur ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Sudyalar va sud tizimi xodimlarining kasbiy malakasi, maʼnaviyati va masʼuliyatini oshirish, tizimda korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish yuzasidan onlayn o‘quv tashkil etilib, tizimda korrupsiyaga yo‘l qo‘yilishiga omil bo‘luvchi har qanday holatlarni tahliliy o‘rganish, bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Korrupsiyaviy omillarni aniqlash va bartaraf etishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan keng hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, ushbu jinoyatlarga qarshi murosasiz kurash olib borilayotganini ham qayd etish joiz.

Chunonchi, sudlar tomonidan korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etgan shaxslarga nisbatan qonuniy, asosli va adolatli jazolar tayinlanishiga eng dolzarb vazifa sifatida yondashilmoqda. Agar o‘tgan 2020-yilda
1 132 nafar shaxs poraxo‘rlik jinoyati uchun sudlangan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich joriy yilning 9 oyi mobaynida 1 252 nafarni tashkil etgan.

Garchand, bu maʼlumot o‘tgan yilga nisbatan joriy yilda korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortganini ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, ammo masalaning boshqa jihatini ham tahlil qilish joiz. 2020-yilda joriy etilgan karantin sharoitida pora olish va pora berishning real imkoni sezilarli pasaygan. Qolaversa, Davlatimiz rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashishga doir oqilona siyosati o‘z samarasini berishi pirovardida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning bu boradagi faollashuvi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Aniqrog‘i, avvallari korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni o‘z vaqtida aniqlashda sustkashlik kuzatilgan bo‘lsa, endilikda bu jarayonda nafaqat davlat organlari, balki fuqarolik jamiyati institutlarining ham ishtirokini ko‘rishimiz mumkin.

Korrupsiya bilan bog‘liq vaziyatlarni barvaqt aniqlash, bu jarayonda yurtdoshlarimizning ishtirokini yanada kuchaytirish va fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Telegram-boti orqali matnli, ovozli va videomurojaatlarni yuborish imkoniyati yaratildi. Ushbu qulaylik O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va O‘zbekistonda BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirildi. Shuning barobarida mazkur bot orqali yuboriladigan murojaatlar turli shakldagi fayl ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.

Telegram-bot fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga sudlarga murojaat etishda qo‘shimcha imkoniyat va qulayliklarni yaratish, sud ishlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, sud ishlarini ko‘rish vaqtida turli sansalorliklarga yo‘l qo‘ymaslik, byurokratik to‘siqlar va cheklovlarni bartaraf etish, shuningdek, sud organlarida korrupsiya holatlariga qarshi kurashish maqsadida ishlab chiqilgan.

Unda har bir murojaat hisobga olinib, masʼul xodimlar murojaatlarning statistikasi bilan tanishish, murojaatlarni nazorat qilish, javob berilmagan murojaatlarni ko‘rish imkoniyatidan foydalanadi. Shuningdek, botda masʼul xodimlarga javob berilmagan murojaat to‘g‘risida eslatib turish funksiyasi mavjud.

Bugungi kunda Telegram-botdan foydalanuvchilar uchun apellatsiya, kassatsiya va boshqa shikoyatlarni kuzatib borish, sud xarajatlarini hisoblash kalkulyatori funksiyasini qo‘shish, eʼlon qilingan sud qarorlari bilan tanishish va sud tizimi ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan bir qator qo‘shimcha imkoniyat va xizmatlar yaratildi. Ushbu botni Telegram messenjerining qidiruv maydoniga @suduzbot nomini kiritish orqali topish yoki http://t.me/suduzbot havolasi orqali unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tish mumkin.

Sud tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangilanishlar xususida so‘z borar ekan, O‘zbekiston Prezidentining 2021-yil 13-yanvardagi “Sud organlari faoliyatini moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining bu boradagi o‘rni va roli beqiyos ekanini taʼkidlash muhimdir. Zero, ushbu Farmon sud organlari faoliyatini moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish va sudyalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishda muhim poydevor vazifasini o‘tadi. Ushbu Farmonga muvofiq, 2021-yildan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Sudyalar Oliy kengashi, Oliy sudi, Quyi sudlar sudyalari, Sudyalar oliy maktabi va ularning apparati xodimlari, Oliy sud huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti va uning hududiy bo‘limlari xodimlarining ish haqlari va qo‘shimcha to‘lovlarini to‘liqligicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish belgilandi. Bu albatta sudyalar va sud tizimi xodimlari o‘rtasida korrupsiyaning oldini olishda  eng zarur vositalardan biridir.

Bundan tashqari, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi samaradorligini oshirish, qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy  nufuzini  oshirish maqsadida, shuningdek, 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq Prezidentimizning 2019-yil 27-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan 2019-2020-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi tasdiqlandi.

Prezidentimizning 2020-yil 29-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy Kengashiga o‘zgartirilib, uning tarkibiga Oliy sud raisi kiritildi.

Shu o‘rinda ushbu Kengash majlisining 5-sonli bayonnomasida belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan tadbir xususida to‘xtalish joiz. Joriy yilning 25-sentabr kuni Buxoro viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashi taʼsis yig‘ilishi dolzarb muammo–jamiyat taraqqiyotiga jiddiy g‘ov bo‘lib kelayotgan korrupsiya va uning oldini olish masalasiga bag‘ishlandi. Yig‘ilishda hududiy kengash aʼzolari, viloyat hokimligi, deputatlar, huquqni muhofaza qilish idoralari, iqtisodiyot va agrosanoat majmui, taʼlim, sog‘liqni saqlash sohalari, nodavlat-notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Taʼsis majlisida so‘z olganlar hududiy Kengash oldida turgan vazifalar, qolaversa, o‘tgan yillar va shu yilning o‘tgan davrida mamlakatimizda, xususan, viloyatda korrupsiya va poraxo‘rlik bilan bog‘liq qonunbuzarlik holatlari, jinoyat va huquqbuzarliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan shart-sharoitlar to‘g‘risida batafsil to‘xtaldilar.

Yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining har bir aʼzosi zimmasiga yuklangan muhim vazifalar xususida so‘z bordi.

Jumladan, davlat xaridlari, qurilish, yo‘l taʼmiri va boshqa sohalarda tashkil etilayotgan tender hamda auksion tanlovlarning qonuniyligi, shaffof va adolatli o‘tkazilishini o‘rganish, yosh kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishda, davlat idoralari, korxona va muassasalariga ishga qabul qilishda shaffoflik va sog‘lom raqobatni shakllantirish kabi jihatlarga eʼtibor qaratildi. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalari ham yetakchi kuchga aylanishi, u yoki bu sohada ro‘y berishi mumkin bo‘lgan taʼmagirlik, poraxo‘rlik holatlariga nisbatan murosasiz bo‘lish va bu borada aholi orasida ijtimoiy fikrni shakllantirish zarurligi taʼkidlandi. Taʼsis majlisi yakunida qator tavsiyalar ishlab chiqilib, masʼul shaxslar zimmasiga tegishli vazifalar yuklandi. 

Mamlakatimiz rahbarining 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan 2021-2022-yillarda Korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi tasdiqlandi.

Ushbu Farmon bilan korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy holatlarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish, ushbu jarayonga jamoatchilikni keng jalb etish va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini shakllantirish maqsadida korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish va unga qarshi ayovsiz kurashish barcha darajadagi davlat organlari rahbar va xodimlarining eng ustuvor vazifasi etib belgilandi.

Prezidentimizning 2021-yil 6-iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishini samarali tashkil etish maqsadida qator tartiblar o‘rnatildi.

Umuman olganda, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga doir har bir qonun hujjati muayyan masalaning huquqiy yechimini topishda muhim hujjat bo‘layotganini tan olish joiz.

Xulosa o‘rnida shuni qayd etish muhimki, adolat qo‘rg‘oni bo‘lgan sud tizimida korrupsiyaga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Davlat va jamiyat taraqqiyotiga raxna soluvchi illatlar, aniqrog‘i,  jinoyatchilikka qarshi kurashish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi

- kurashishda barcha birdek masʼul. Shu bois, ushbu ijtimoiy xavfli qilmishga qarshi kurashish samaradorligini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

 

Jamiyat rivojiga eng katta xavf tug‘diruvchi korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashishga doimo dolzarb vazifa sifatida yondashmog‘imiz shart. Ayniqsa, sudyalar va tizim xodimlari bunga murosasiz munosabatda bo‘lishi zarur. Sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri-sohada korrupsiyaga barham berish tizimini tubdan takomillashtirishdir. Sudyalar mustaqilligini taʼminlash, uning nufuzini oshirish borasidagi ishlar bu illatga qarshi kurashishda har birimizga katta masʼuliyat yuklaydi. Bir so‘z bilan aytganda, kasbiga sadoqatli, vatanparvar sudya hech qachon korrupsiyadek jirkanch ishga qo‘l urmaydi.

Maqola yuklab olish

Statistika

Кўчирилди

Ko'chirilganligi xaqida ma'lumot yuk.

Maqola tafsilotlari

Annotasiyani ko'rishlar soni 128
inLibrary — это научная электронная библиотека inConference - научно-практические конференции inScience - Журнал Общество и инновации UACD - Антикоррупционный дайджест Узбекистана UZDA - Ассоциации стоматологов Узбекистана АСТ - Архитектура, строительство, транспорт Open Journal System - Престиж вашего журнала в международных базах данных inDesigner - Разработка сайта - создание сайтов под ключ в веб студии Iqtisodiy taraqqiyot va tahlil - ilmiy elektron jurnali yuridik va jismoniy shaxslarning in-Academy - Innovative Academy RSC MENC LEGIS - Адвокатское бюро SPORT-SCIENCE - Актуальные проблемы спортивной науки GLOTEC - Внедрение цифровых технологий в организации MuviPoisk - Смотрите фильмы онлайн, большая коллекция, новинки кинопроката Megatorg - Доска объявлений Megatorg.net: сайт бесплатных частных объявлений Skinormil - Космецевтика активного действия Pils - Мультибрендовый онлайн шоп METAMED - Фармацевтическая компания с полным спектром услуг Dexaflu - от симптомов гриппа и простуды SMARTY - Увеличение продаж вашей компании ELECARS - Электромобили в Ташкенте, Узбекистане CHINA MOTORS - Купи автомобиль своей мечты! PROKAT24 - Прокат и аренда строительных инструментов